Laziz Qudratov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian bilan uchrashdi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, 2024-yilga mo‘ljallangan tadbirlar jadvalini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Shunday qilib, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar sonining ortishi kuzatilmoqda.

Sarmoyaviy sheriklik, sanoat kooperatsiyasi va transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rag‘batlantirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

Mahalliy eksportyorlar tomonidan GSP+ benefitsiar-mamlakati maqomidan samarali foydalanish boʻyicha faol hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, Oʻzbekistonning JSTga jadal kirishiga koʻmaklashish boʻyicha kelishuvga erishildi.

2023-yilning 10 oyi davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,8 milliard AQSh dollariga (+36 foiz) yetdi. GSP+ benefisiar maqomi tufayli O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqiga eksporti 2021-yildan buyon 1,5 barobar oshdi, o‘zbekistonlik eksportyorlar import bojlari bo‘yicha 28 million yevroni tejashdi.

 

Manba: www.uzdaily.uz